“No” - Yaponiya milliy teatri aktyorining namoyishi

 

 2017- yilning  17-oktabr kunida A.Navoiy nomidagi Davlat Akademik Katta Teatrida “No” - Yaponiya milliy teatri aktyori,  janob Katsumi Noboru tomonidan ijro namoyishi bo’lib o’tdi. Janob Katsumi Yevropa mamlakatlari, shuningdek, Qozog’iston va Qirg’izistonda ham o’z ijro mahoratlarini namoyish etganlar. Bu ularning yurtimizga qilgan birinchi tashriflari bo’ldi.

 

Kechki dastur,  “Hogoromo”- “Patli yopinchiq” , “Tsuchigumo” - “Tuproq o’rgimchagi”  pyessalaridan olingan ikki sahna ko’rinishidan iborat bo’ldi. Shu bilan birga bobokalonimiz Alisher Navoiy xotiralari yod olinib, “No” teatri haqidagi video film namoyishi bo’lib o’tdi. Zal, Muromachi davridan 600 yil mobaynida saqlanib kelgan a’anaviy san’at turi bilan tanishish istagida tashrif buyurgan tomoshabinlarga to’la bo’ldi. Zamonaviy ishlov berilgan Yaponiya milliy musiqasi hamda ajoyib sahna effektlari barchaning ko’ngliga birdek yoqdi.    

 

Keyingi  kun, Tasviriy san’at gallereyasida Yaponiyaning O’zbekistondagi elchixonasi, O’zbekiston–Yaponiya markazi, hamda Yaponiya hamdo’stligi jamiyati uyushmasi tomonidan tashkil etilgan brifingda janob Katsumi Noboru  “No” teatrining tarixi, niqoblar va sahna tuzulishi haqida gapirib berdilar. Ma’ruza ishtirokchilari bo’lib o’tgan tadbir haqida katta qiziqish bilan turli savollar berishdi. Niqoblarni taqib ko’rganlar ham bo’ldi. Janob Katsumining ta’kidlashlaricha,  “No”  teatri tomonidan hozirga qadar  240 ta pyessa ijro etib kelinmoqda,  biroq Alisher Navoiy xotirasini yod olish uchun ishlangan pyessa aynan O’zbekistondagi namoyish uchun ishlangan bo’lib, unda Ikkinchi jahon urushidan keyin Alisher Navoiy teatri qurilishiga hissa qo’shgan yapon fuqarolari xotirasiga bag’ishlangan. Janob Katsumi, yevropa tomoshabinlariga yanada tushunarli bolishi uchun sahna ko’rinishi jarayonida yevropa musiqa asboblari: violonchel, fortepiano, gitara kabilardan foydalanilganini alohida ta’kidlab o’tdilar.

 

 

Pyessa namoyishidan oldin, janob Katsumi O’zbekiston-Yaponiya markaziga tashrif buyurdilar. Ular tashrif jarayonida poytaxt aholisini Yaponiya milliy san’ati bilan tanishtirish uchun O’zbekiston-Yaponiya markazidek tashkilotlar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o’tdilar. Shu bilan birga janob Katsumi “No” teatrini tushunish uchun 3ta sahna ko’rinishini  ko’rishning o’zi kifoya qilmasligini aytib o’tdilar. Biz janob Katsuminig imkon topib yurtimizga yana tashrif buyurishlarini intizorlik bilan kutib qolamiz.

 

 

< >
<
>